Muallif: Hamidulla HIKMATULLAYEV, Abdulaziz MANSUROV
Hadis - islom dini talimoti bo’yicha Qur’ondan keyin turadigan ikkinchi muqaddas manba bo’lib, Muhammad(s.a.v.) payg’abarning hayoti va foliyati, shuningdek uning diniy va axloqiy ko’rsatmalarini o’z ichiga oladi. Muhammad(s.a.v.) payg’ambar biror gap aytgan yoki biror ishni qilib ko’rsatgan bo’lsa, yoxud boshqalarning o’zlaricha qilayotgan biron ishini ko’rib, uni man etmagan bo’lsa, shu uch holatning har biri sunnat hisoblanadi. Ana shunday hatti-harakatlar yoki ko’rsatmalar haqidagi rivoyat hadis deb yuritiladi. Hadislarda islom dini ahkomlari yani, farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, makruh, muboh kabilardan tashqari, axloq-odobga doir ko’rsatmalar ham talqin etiladi. Ularda ibodatning tartib-qoidalari va ularni mukammal bajarishga da’vat etish bilan birga insoniy fazilatlar ham keng tashviq qilinadi, insoniylik sha’niga dog’ tushiradigan razil sifatlar qoralanadi.